Bu maqolani o’qishdan oldin ingliz tilidagi zamonlar, ularning farqlari haqida bilib olish uchun ingliz tilidagi zamon tushunchasi to’g’risidagi maqolamni o’qib chiqishingizni tavsiya qilaman.
Hozirgi tugallangan zamon (Present Perfect) o’tgan zamonda bajarib tugatilgan va natijasi hozirgi zamonda ko’rinib turgan ish-harakatga nisbatan ishlatiladi.
Hozirgi tugallangan zamonning yasalish formulasi quyidagicha:
EGA+ TO HAVE+ SIFATDOSH II
To’g'ri fe’llarning Sifatdosh II shaklini yasash uchun fe’lga “-ed” qo’shimchasi qo’shiladi. Noto’g'ri fe’llarning Sifatdosh II shakli fe’l o’zagining o’zgarishi orqali, noto’g'ri fe’llar jadvalining 3-ustuniga asosan yasaladi.
Quyidagi Hozirgi tugallangan zamonda yasalgan gaplarga e’tibor bering. Har safar gapning tarjimasidan, ish harakat o’tgan zamonda tugallanib, natijasi hozir ko’rinib turganligiga e’tibor bering. Hozirgi tugallangan zamonda har doim o’tgan zamonda bajarib tugatilgan ish harakatning natijasi hozirgi zamon bilan bog’liq bo’ladi:
- Ann has lost her passport – Anna pasportini yo’qotdi (natijada hozir uning pasporti yo’q – natija hozirgi zamonda ko’rinib turibdi, ish harakatning qachon bajarilganligi esa aytilmayapti).
- Tom has bought a new car – Tom yangi mashina sotib oldi (natijada hozir u yangi mashina minib yuribdi. Qachon sotib olgan? Vaqti ko’rsatilmayapti. Lekin natija hozirgi zamonda ko’rinib turibdi!).
- I have cleaned my shoes – Men oyoq kiyimlarimni tozaladim (natijada ular hozir toza).
So’roq shaklidaga gaplarni yasash uchun “TO HAVE” fe’li (have yoki has) egadan oldinga o’tkaziladi. Keling, yuqoridagi darak shaklidagi gaplarni so’rq gaplarga aylantiraylik:
- Has Ann lost her passport? – Anna pasportini yo’qotdimi? (Natijada hozir unda pasport yo’qmi?)
- Has Tom bought a new car? – Tom yangi mashina sotib oldimi? (Natijada hozir unda yangi mashina bormi?)
- Have you cleaned your shoes? – Siz oyoq kiyimlaringizni tozaladingizmi? (Ular hozir tozami?)
E’tibor bering, yoqiridagi so’roq gaplarda ish-harakat qachon sodir etilganligi emas, balki sodir etilgandan keyingi natija eng muhim hisoblanayapti. Shundan ham bilishingiz mumkinki, hozirgi tugallangan zamonda ish-harakat sodir etilgan vaqt muhim emas, bizga ish-harakatning natijasida hozir nima natija hosil bo’lganligi muhimdir.
Inkor shaklidagi gaplarda “TO HAVE” fe’li shakllaridan keyin NOT inkor yuklamasi qo’yiladi. Yana yuqoridagi darak shaklidagi gaplarni inkor gaplarga aylantiramiz:
- Ann has not lost her passport – Anna pasportini yo’qotmadi (natijada hozir uning pasporti bor, yo’qolmagan)
- Tom has not bought a new car – Tom yangi mashina sotib olmadi (natijada hozir uning mashinasi yo’q)
- I have not cleaned my shoes – Men oyoq kiyimlarimni tozalamadim (natijada ular hozir toza emas).
Hozirgi tugallangan zamon quyidagi payt ravishlari bilan birga ishlatiladi:
already -allaqachon;
yet – hali (inkor va so’roq gaplarda);
since / for – …dan beri;
never – hech qachon;
ever – qachondir va boshqalar…